• Toshkent, Universitet ko'chasi 2 a uy
  • (998) 71 246-07-61
  • info@metod.uz

Xalqaro fan olimpiadasi: O‘zbekiston vakillari medallarga ega bo‘lishdi

 Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasini rivojlantirish, uni tubdan isloh qilish, chuqur bilimga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, vatanparvarlik, insonparvarlik, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, ilg‘or dunyoqarashga ega, mustaqil fikrlovchi barkamol insonlarni shakllantirish ustuvor vazifa etib belgilab berilgan.

   Yoshlarimizga bildirilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban  o‘quvchilarimiz dunyo miqyosida turli ko‘rik-tanlov va xalqaro olimpiadalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.

    Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadalari Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktabrdagi «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» gi 226-sonli qarori, Adliya vazirligida 2009 yil 2 iyunda 1962-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadalarini o‘tkazish va xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini tanlash to‘g‘risida Nizom” asosida iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, noyob fazilatlarini yanada rivojlantirish, ularni rag‘batlantirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan tashkil etiladi va o‘tkazildi.

Joriy yilda O‘zbekiston o‘quvchilari jamoalarini matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika fanlaridan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishlari belgilangan.

         2017 yil 23-29 aprel kunlari Astana shahrida (Qozog‘iston) Kimyo fanidan o‘tkazilgan 51-xalqaro Mendeleev olimpiadasida vakillarimiz ishtirok etdilar. 18 davlatdan 111 nafar iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etgan mazkur nufuzli olimpiadada o‘quvchilarimiz 3 bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

          Bundan oldinroq (2017 yil 12-18 yanvar kunlari) matematika, fizika, informatika fanlaridan 18 ta davlatdan 182 nafar o‘quvchi ishtirok etgan 13-xalqaro Jautikov olimpiadasida (Olmota, Qozog‘iston Respublikasi) ishtirok etgan o‘quvchilarimiz matematikadan 1 ta kumush, fizika va informatikadan 1 tadan  bronza medallarni qo‘lga kiritib kelgan edilar.

    O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining ma’lum qilishicha  2000-2016 yillar mobaynida O‘zbekiston terma jamoalari xalqaro fan olimpiadalarida 6 ta oltin, 31 ta kumush va 82 ta bronza medallarini qo‘lga kiritganlar hamda 39 nafar ishtirokchiga maxsus diplomlar berilgan. Shu bilan birga joriy yil rejasiga muvofiq biologiya, fizika, matematika va informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadalarga ishtirok etish bo‘yicha tashkiliy ishlar ko‘rilmoqda.

   Xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarimizga amaldagi tartibga muvofiq pul mukofatlari, shuningdek oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli raqishda qo‘shimcha imtihonlarsiz kirish imkoniyati berilib kelinmoqda.

             Mustaqil yurtimiz farzandlarini xalqaro olimpiadalardagi munosib ishtiroki va erishayotgan natijalari o‘qituvchilar va o‘quvchilarning tinimsiz mehnati samarasi hisoblanadi.